Dastur haqida
Anki — maʼlumotlarni eslab qolishni osonlashtiradigan dasturdir. U anʼanaviy oʻqish usullariga qaraganda ancha samarali boʻlgani sababli siz dars tayyorlashga ketadigan vaqtingizni sezilarli darajada tejashingiz yoki oʻzlashtirayotgan bilimlar hajmini keskin oshirishingiz mumkin.
Anki kundalik hayotida biror narsani eslab qolishi kerak boʻlgan har kimga asqotishi mumkin. Dastur har qanday turdagi maʼlumotlarga moslashgani hamda rasm, audio, video va ilmiy belgilarni (markup) qoʻllab-quvvatlagani sababli, uning imkoniyatlari cheksizdir. Jumladan:
-
Chet tilini oʻrganish
-
Tibbiyot va huquqshunoslik imtihonlariga tayyorlanish
-
Odamlarning ismi va qiyofasini eslab qolish
-
Geografiya boʻyicha bilimlarni mustahkamlash
-
Uzun sheʼrlarni yod olish
-
Hatto gitara akkordlarini mashq qilish!
Ankiʼning zaminida ikkita oddiy tushuncha yotadi: faol eslash (active recall) hamda oraliqli takrorlash (spaced repetition). Garchi ilmiy adabiyotlarda bu usullar atroflicha yoritilgan boʻlsa-da, koʻpchilik bilim oluvchilar ular haqida yetarli tasavvurga ega emas. Ushbu tushunchalar qanday ishlashini anglash oʻzlashtirish qobiliyatingizni yanada oshiradi.
Faol eslab qolish
Faol eslab qolish — bu biror savolga duch kelganda, javobni xotiradan qidirib topishga urinishdir. Bu usul passiv oʻrganishdan tubdan farq qiladi. Passiv oʻrganishda biz biror narsani shunchaki oʻqiymiz, koʻramiz yoki tinglaymiz, lekin “javobini bilamanmi?” deb oʻzimizga savol berib, toʻxtab oʻtirmaymiz. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, maʼlumotni faol eslashga urinish xotirani mustahkamlashda shunchaki oʻqib chiqishdan koʻra ancha samaralidir. Buning ikkita asosiy sababi bor:
-
Maʼlumotni esga tushirish jarayoni xotirani charxlaydi va uni kelgusida yana eslay olish ehtimolini oshiradi.
-
Agar savolga javob bera olmasak, bu bizga oʻsha mavzuni qaytadan koʻrib chiqish yoki oʻzlashtirish kerakligidan darak beradi.
Ehtimol, maktab davrlaringizda oʻzingiz sezmagan holda ushbu usulga duch kelgandirsiz. Tajribali muallimlar biror bir materialni oʻqib boʻlgach, bir dunyo savollar berishi yoki har hafta nazorat ishi olishi bejiz emas. Ular buni shunchaki mavzuni tushungan-tushunmaganingizni tekshirish uchun emas, balki kelajakda oʻsha maʼlumotlarni eslab qolishingizga yordam berish uchun qilishadi.
Oʻz oʻqish jarayoningizga ushbu usulni tatbiq etishning eng qulay yoʻli — kartochkalardan foydalanishdir. Oddiy qogʻoz kartochkaning bir tomoniga savol, ikkinchi tomoniga javob yoziladi. Javobni eslamaguningizcha kartochkani agʻdarmaslik orqali siz maʼlumotni shunchaki kuzatishga qaraganda ancha samaraliroq oʻzlashtirasiz.
Yo ishlating, yo unuting
Inson miyasi — nihoyatda samarali ishlaydigan “mashina”: u keraksizdek tuyulgan maʼlumotlarni tezda oʻchirib tashlaydi. Katta ehtimol bilan, bundan ikki hafta oldingi dushanba kuni nima tanovul qilganingizni eslay olmaysiz, chunki bu maʼlumot odatda hech qanday ahamiyatga ega emas. Biroq, agar oʻsha kuni qandaydir ajoyib restoranga borgan boʻlsangiz-u, soʻnggi ikki hafta davomida hammaga u yer qanchalik zoʻrligi haqida soʻzlab yurgan boʻlsangiz, hamon barcha tafsilotlarni ipidan-ignasigacha eslab turgan boʻlishingiz tayin.
Miyaning “ishlatmasang — unutiladi” tamoyili biz oʻrganayotgan har qanday bilimga taaluqli. Masalan, bir necha soat vaqt sarflab, ilmiy atamalarni yodlasangiz‑u, keyingi ikki hafta davomida ularni umuman eslamasangiz, katta qismi xotirangizdan koʻtariladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, inson oʻrgangan maʼlumotlarining qariyb 75 foizini dastlabki ikki sutkaning oʻzidayoq unutib yuborar ekan. Oʻzlashtirishi kerak boʻlgan maʼlumoti koʻp boʻlgan odam uchun bu ancha gʻashni keltiradi.
Ammo yechim oddiy: takrorlash. Yangi oʻrganilgan maʼlumotlarni takrorlash orqali unutish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtirish mumkin.
Yagona muammo shundaki, anʼanaviy usulda takrorlash unchalik ham qulay emas. Agar siz qogʻoz kartochkalardan foydalansangiz, ular 30 ta boʻlsa, koʻzdan kechirib chiqish oson. Ammo ularning soni 300 taga yoki 3000 taga yetganda boshqarish qiyinlashib ketadi.
Oraliqli takrorlash
“Oraliq effekti” (spacing effect) haqida ilk bor 1885‑yilda nemis psixologi German Ebbinghaus maʼlumot bergan. U bir oʻtirishda qayta‑qayta yodlashdan koʻra, takrorlashlar orasiga maʼlum vaqt qoʻyish (vaqtga yoyish) ancha samarali ekanini aniqlagan. 1930‑yillardan boshlab, ushbu hodisadan oʻqish jarayonini yaxshilashda foydalanish boʻyicha koʻplab takliflar chiqdi va bu usul keyinchalik “oraliqli takrorlash” deb nomlandi.
Bunga misol tariqasida 1972‑yilda nemis olimi Sebastyan Laytner ommalashtirgan usulni keltirish mumkin. U qogʻoz kartochkalarni bir nechta qutilarga ajratib, har bir muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz takrorlashdan soʻng kartochkani boshqa qutiga koʻchirib turishni taklif qilgan. Shu yoʻl bilan qaysi kartochkani qanchalik yaxshi bilishingiz va uni qachon qaytadan koʻrib chiqish kerakligini bir qarashdayoq taxmin qilish mumkin edi. Bu usul bitta qutidan foydalanishga qaraganda ancha katta qulaylik yaratdi va keyinchalik kompyuter dasturlariga ham koʻchdi. Biroq, bu usulning ham oʻziga yarasha kamchiliklari bor: u maʼlumotni aynan qaysi kuni takrorlash kerakligini aniq belgilab bera olmaydi, qolaversa, turli qiyinchilikdagi mavzular bilan ishlashda ham oʻzini unchalik oqlamaydi.
Soʻnggi 30 yildagi eng katta yangiliklar SuperMemo — oraliqli takrorlash usulini qoʻllaydigan tijoriy dastur mualliflari tomonidan amalga oshirildi. SuperMemo maʼlumotni takrorlash uchun eng qulay vaqtni hisoblab boradigan va foydalanuvchining natijalariga qarab oʻzini moslashtiradigan tizimga asos soldi.
SuperMemo tizimida har safar savolga javob berganingizda, uni qanchalik yaxshi eslaganingizni dasturga bildirasiz: butkul unutdingizmi, kichik xatoga yoʻl qoʻydingizmi, qiynalib esladingizmi yoki juda osonmi va hokazo. Dastur esa ushbu javobingizga tayanib, oʻsha savolni sizga qayta koʻrsatish uchun eng maqbul vaqtni belgilaydi. Har gal muvaffaqiyatli eslaganingizda xotira mustahkamlanib boradi, shu sababli takrorlashlar orasidagi vaqt ham uzayaveradi. Masalan, biror savolga bugun duch kelsangiz, uni keyingi safar 3 kundan keyin, soʻng 15 kunda va borib‑borib 45 kundan keyin takrorlaysiz.
Bu bilim olishda tub burilish yasadi, chunki endi ortiqcha kuch sarflamasdan maʼlumotlarni yodda saqlash imkoniyati paydo boʻldi. SuperMemo shiori buni qisqacha tushuntiradi: oraliqli takrorlash yordamida “unutishni unuting”.
Nega aynan Anki?
SuperMemo dasturining ushbu sohaga qoʻshgan hissasi beqiyos boʻlsa‑da, uning ham oʻziga yarasha kamchiliklari bor. Dastur tez‑tez texnik nosozliklarga (baglar) uchrashi va undan foydalanish ancha murakkabligi uchun koʻp tanqid qilinadi. Bundan tashqari, u faqat Windows operatsion tizimida ishlaydi. SuperMemo yopiq dastur hisoblanadi, yaʼni foydalanuvchilar uni oʻz ehtiyojlariga koʻra oʻzgartira olmaydilar yoki maʼlumotlar bazasiga toʻgʻridan‑toʻgʻri kira olmaydilar. Dasturning juda eski versiyalari tekinga tarqatilgan boʻlsa‑da, ular zamonaviy talablar darajasida emas.
Anki mana shu muammolarga yechim sifatida yaratilgan. Ankiʼning koʻplab platformalar uchun moʻljallangan bepul versiyalari mavjud, shuning uchun mablagʻi cheklangan talaba va oʻqituvchilar ham undan bemalol foydalanishlari mumkin. Anki ochiq kodli dastur boʻlib, hozirda foydalanuvchilar tomonidan yaratilgan foydali qoʻshimchalar (add-on) kutubxonasi nihoyatda boy. Dastur koʻp platformali boʻlib, Windows, macOS, Linux/FreeBSD va mobil qurilmalarda birdek ishlaydi. Eng muhimi, undan foydalanish SuperMemoʼga qaraganda ancha oson.
Ankiʼning oraliqli takrorlash tizimi SuperMemo algoritmining eskiroq SM-2 versiyasiga asoslangan. Yaqinda esa eski SM-2 oʻrniga muqobil ravishda FSRS deb nomlangan yangi va zamonaviy algoritm ham qoʻshildi.